17 noyabr kuni Rossiyaning Kemerovo viloyatida An-12 harbiy samolyoti halokatga uchradi. Hodisa Kemerovo aeroporti yaqinidagi Yagunovo qishlog‘i atrofida sodir bo‘lgan. Bu haqda NGS42.RU va REN TV xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida 13 nafardan 17 nafargacha odam bo‘lgan. “112” Telegram kanali va REN TV ularning barchasi halok bo‘lganini yozmoqda.
Shot Telegram kanalida aytilishicha, samolyot parvoz vaqtida yonib ketgan, so‘ng keskin pastlay boshlagan va yerga qulaganidan keyin portlagan. “Baza” nashri ham samolyot havoda yonib ketganini xabar qilgan.
Kemerovo viloyati gubernatori Ilya Seredyuk Yagunovo qishlog‘i yaqinida aviasiya hodisasi sodir bo‘lganini tasdiqladi.
“Hodisa joyiga yo‘l oldim. U yerda tezkor xizmatlar ishlamoqda. Viloyat tomonidan zarur yordam ko‘rsatilmoqda”, — dedi gubernator.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hodisaning barcha tafsilotlari vakolatli idoralar tomonidan o‘rganilmoqda.
Hozircha samolyotning qulash sababi va qurbonlar soni rasman tasdiqlanmagan.