Patel Trampning birinchi muddatida mudofaa vazirining shtab boshlig‘i bo‘lgan va uning sodiq tarafdori.
«Kesh - bu ajoyib huquqshunos, tergovchi va America First chempioni, u o‘z faoliyatini korrupsiyani fosh qilish, adolat va Amerika xalqini himoya qilishga bag‘ishlagan», - deb yozgan Tramp Truth Social akkauntida.
Patel avvalroq FQB vakolatlarini cheklashga va Trampning kun tartibini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan xodimlarni ishdan bo‘shatishga chaqirgan, deb yozadi Reuters.
Agar senatorlar uning nomzodini ma’qullasa, Patel Tramp 2017 yilda 10 yillik muddatga tayinlagan Kristofer Reyning o‘rniga FQB direktori lavozimini egallaydi. Patelga joy ochish uchun Rey iste’foga chiqishi yoki Tramp tomonidan ishdan bo‘shatilishi kerak.
Federal qidiruv byurosi Trampning maxfiy yozuvlar bilan ishlashi bo‘yicha federal tergov olib borishga yordam berganida (ish to‘xtatildi) Rey AQShning saylangan prezidentiga yoqmay qoldi.
Hindistonlik muhojirlarning o‘g‘li, 44 yoshli Patel sobiq advokat va federal prokuror bo‘lib, 2017 yilda Vakillar palatasi razvedka qo‘mitasining katta maslahatchisi bo‘lganidan keyin Tramp e’tiboriga tushgan. Tramp uni 2019 yilda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga ishga oldi, bir yildan so‘ng esa Pentagon rahbari shtab boshlig‘i etib tayinlandi.