Donald Tramp o‘zini “bojlar qiroli” deb atadi va AQShning Grenlandiya ustidan nazoratiga qarshi chiqqan davlatlarga bojlar joriy etish bilan tahdid qildi.
"Agar davlatlar Qo‘shma Shtatlarning Grenlandiyaga bo‘lgan da’volariga rozi bo‘lmasa, ularga nisbatan bojlar joriy qilishim mumkin, chunki Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik uchun zarur", — dedi AQSh prezidenti Oq uyda bo‘lib o‘tgan tadbirda.
Tramp so‘nggi haftalarda bir necha bor Qo‘shma Shtatlarning Daniyaning avtonom hududi Grenlandiyaga bo‘lgan da’volarini bildirgan.
Avvalroq Yevropaning yetti davlati, jumladan Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya, mintaqadagi xavfsizlikni mustahkamlash hamda Daniyaga 2026 yil oxirida rejalashtirilgan yirik harbiy mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berish maqsadida Grenlandiyaga razvedka missiyasi doirasida o‘z harbiylarini yuborishini e’lon qilgan edi.
Oq uyda ta’kidlanishicha, harbiylarning yuborilishi Trampning Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish istagiga ta’sir ko‘rsatmaydi.