2035 yilga borib dunyoda musulmonlar soni nasroniylardan oshib ketadi va islom sayyoramizdagi eng yirik dinga aylanadi. Associated Press xabariga ko‘ra, Amerikaning Pew Research Center tadqiqot markazi o‘zining yangi hisobotida shunday bashorat bergan. Unda 2020 yildan 2070 yilgacha bo‘lgan davrda asosiy diniy guruhlar soni qanday o‘zgarishi baholanadi.
Asosiy sabab — tug‘ilish ko‘rsatkichidir. 2020–2025 yillarda har bir musulmon ayolga o‘rtacha 3,1 nafar, nasroniy ayolga 2,5 nafar, boshqa ayollarga esa 1,6 nafar bola to‘g‘ri kelgan. Avlodlarning shunchaki o‘rnini to‘ldirishi uchun esa bu ko‘rsatkich kamida 2,1 bo‘lishi zarur. Markazning yetakchi demografi Konrad Xakett «hamma gap bolalarda» ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dinni o‘zgartirish jarayoni bunga ancha kam ta’sir ko‘rsatadi.
2020 yilda dunyoda 2,27 milliard nasroniy va 2,02 milliard musulmon yashagan. Pew hisob-kitoblariga ko‘ra, 2035 yilga borib musulmonlar soni 2,57 milliardga, nasroniylar esa 2,52 milliardga yetadi. 2070 yilga borib musulmonlar soni 3,6 milliarddan oshadi, nasroniylar esa 3 milliarddan sal kamroqni tashkil etadi. Shu yarim asr ichida Yer yuzi aholisi 29 foizga, musulmonlar soni 80 foizga, nasroniylar esa 30 foizga ko‘payadi.
Hozir nasroniylar AQSh aholisining 62 foizini tashkil etadi. Bashoratlarga ko‘ra, ular 2065 yilga borib, Kanadada esa 2030 yilga borib ko‘pchilikni tashkil etmay qo‘yadi. Har ikki mamlakatda ham bu, birinchi navbatda, o‘zini hech bir dinga mansub deb hisoblamaydigan odamlar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq. Yevropada 2070 yilga borib nasroniylar soni uchdan birga kamayib, 505 milliondan 324 millionga tushadi, musulmonlar ulushi esa 6 foizdan 13 foizga ko‘tariladi.
2015 yilda Pew tadqiqotchilari 2050 yilga borib nasroniylar va musulmonlar soni deyarli tenglashishini, 2070 yilga borib esa musulmonlar nasroniylardan o‘zib ketishini taxmin qilgan edi. 2010 yilda dunyoda nasroniylar taxminan 2,2 milliardni (aholining 31 foizi), musulmonlar esa 1,6 milliardni (23 foizi) tashkil etgan.