AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazish bo‘yicha taklifiga rozi bo‘lishi kerakligini bildirdi.
U o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
«Kamida, ular kelisha oladimi, yo‘qmi, shunga aniqlik kirita oladi. Agar kelisha olmasa, Yevropa yetakchilari va AQSh vaziyatni tushunib, shunga mos harakat qilishlari mumkin!»
Tramp, shuningdek, Kiyevning muzokaralarga tayyorligiga shubha bildirdi va quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
«Men Ukraina Putin bilan kelishuvga boradi, deb shubhalana boshladim. Putin esa Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani nishonlash bilan juda band. Bu urush AQShsiz yutilishining iloji yo‘q edi (hatto yaqin ham kelolmasdi!)»
«UCHRASHING, HOZIROQ!!!» — deya ta’kidladi Oq uy rahbari.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiyadan 12 maydan otashkesimga rioya qilishni kutayotganini va 15 may kuni shaxsan Putinni Turkiyada kutayotganini ma’lum qildi.
«Biz ertadan boshlab to‘liq va uzoq muddatli otashkesimni kutyapmiz — bu diplomatiya uchun zarur asos bo‘ladi. Va men Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman», — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.