AQShning sobiq davlat kotibi o‘rinbosari Robert Zellik prezident Donald Trampning Kanada va Meksikaga nisbatan siyosati mamlakatning global mavqeiga zarar yetkazayotganini bildirdi. Bu haqda u Foreign Affairs jurnalida chop etilgan maqolasida yozgan.
Zellikning ta’kidlashicha, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar AQSh milliy xavfsizligini mustahkamlash, iqtisodiy manfaatlarni ta’minlash va transchegaraviy muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.
Biroq Trampning yuqori savdo bojlari joriy etishi va Kanadani AQShning 51-shtatiga aylantirish haqidagi bayonotlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirgan. Vashingtonning Meksikaga nisbatan iqtisodiy bosimi va harbiy tahdidlari ham AQShning mintaqadagi tarixiy ustunligi bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirgan.
Muallifning fikricha, Kanada va Meksika bilan yaqin hamkorlik AQShga yirik bozorlar, tabiiy resurslar, malakali ishchi kuchi va o‘zaro integrasiyalashgan infratuzilmadan foydalanish imkonini beradi. Bu esa Vashingtonning Xitoy va Rossiya kabi raqiblar oldidagi geosiyosiy ustunliklaridan biridir.
Zellik Shimoliy Amerika erkin savdo bitimi doirasida erishilgan natijalarni eslatib, uch mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning zaiflashishi uzoq muddatli iqtisodiy va strategik oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Uning ta’kidlashicha, AQSh global mavqeini saqlab qolish uchun qo‘shnilari bilan munosabatlarni bosim va qarama-qarshilik emas, balki o‘zaro hurmat, iqtisodiy sheriklik va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik asosida rivojlantirishi lozim.