Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish evaziga siyosiy mahbuslarni ozod qilishga rozi bo‘ldi — The Atlantic
Donald Tramp ma’muriyati Rossiyadagi siyosiy mahbuslarni ozod qilish evaziga AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qisman yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Atlantic nashri Trampning maxsus vakili Jon Koulga tayanib yozmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu tashabbus hozircha dastlabki bosqichda. Taxmin qilinishicha, u AQSh va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy kelishuvlar uchun yo‘l ochishi mumkin. Jumladan, neft, dizel yoqilg‘isi va kamyob yer metallari sohalarida hamkorlik qilish imkoniyati ko‘rib chiqilishi mumkin.
Koul bunga o‘xshash yondashuvni avval Belarus bilan munosabatlarda qo‘llagan. Yuzlab siyosiy mahbuslar ozod qilinganidan so‘ng, AQSh Minskka qarshi sanksiyalarni qisman yumshatgan va kaliyli o‘g‘itlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan.
The Atlantic yozishicha, Koulda bu g‘oya Nobel tinchlik mukofoti sovrindori, «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov bilan uchrashuvdan so‘ng paydo bo‘lgan. Muratov Sovet dissidentlarini ozod qilish Moskva va Vashington o‘rtasidagi muloqotning bir qismiga aylangan Sovuq urush davridagi amaliyotdan foydalanishni taklif qilgan.
19 sentyabr kuni CNN telekanalidagi Erin Byornett dasturida Muratov Rossiyadagi siyosiy mahbuslarning portretlarini ko‘rsatib, maxsus vakil Stiv Uitkoff Rossiyadagi muzokaralar chog‘ida ularni ozod qilish masalasini ko‘tarishi kerakligini taklif qilgan.