Agar Rossiya va uning savdo hamkorlariga nisbatan bojlar joriy etilishi jahon energetika bozorida uzilishlarga sabab bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar neft qazib olishni oshiradi.
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Aberdindan Vashingtonga uchayotgan samolyot bortida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida aytib o‘tdi.
"Men bundan xavotirda emasman", dedi Amerika yetakchisi neft bozorlaridagi ehtimoliy beqarorlashuvni izohlar ekan. "Mamlakatimizda neft juda ko‘p, biz ishlab chiqarishni biroz ko‘paytiramiz. Aytmoqchimanki, hozir neft narxi ancha past".
Tramp shuningdek, Rossiya tomonidan tariflar joriy etilishi haqidagi ogohlantirishlari munosabati bilan “hech qanday javob olmaganini” ta’kidladi. "Bu sharmandalik", deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti. U so‘nggi bir necha kun davomida Shotlandiyada bo‘lib, u yerda savdo masalalarini muhokama qilish uchun ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi.