AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Meksika va Kanadaga agar ular Amerika subsidiyalarini olishda davom etishni istasa, AQSh tarkibiga kirishni taklif qildi. U bu haqda NBC News telekanalidagi dasturda ma’lum qildi.
Tramp agar bu davlatlar AQShga migrantlar va giyohvand moddalar oqimini kamaytirmasa, Kanada va Meksikadan import uchun 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qildi
Biz Kanadaga yiliga 100 milliard dollardan ortiq, Meksikaga esa qariyb 300 milliard dollar subsidiya beramiz. Biz bunday qilmasligimiz kerak, nega bu mamlakatlarga subsidiya berayapmiz? Agar subsidiyalashni istaydigan bo‘lsak, ular shtatga aylansin, degan Tramp.
Dekabr oyi boshida Tramp Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoga Kanadadan keltirilayotgan barcha tovarlarga 25 foizlik import bojini joriy etishni rejalashtirayotganini aytgandi. Agar Kanada noqonuniy migrasiya bilan bog‘liq vaziyatni tubdan o‘zgartira olmasa va 100 milliard dollarga yaqin bo‘lgan savdo taqchilligini kamaytirmasa, Tramp bu reja amalga oshishi mumkinligini aytdi.
Tryudo bunday choralar Kanada iqtisodiyotini barbod qilishi mumkinligini ta’kidladi. Bunga javoban Tramp, ehtimol hazil tariqasida, Kanada AQShning 51-shtati bo‘lishi, Tryudo esa uning gubernatori bo‘lib qolishi mumkinligini aytdi. Tryudo bu gapga “asabiy kulgu” bilan munosabat bildirgan.