Agentlik xabariga ko‘ra, Ilon Mask boshqargan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) o‘z mandatining tugashiga sakkiz oy qolganida faoliyatini to‘xtatgan. Reuters bu haqda federal hukumatning Kadrlar boshqarmasi direktori Skott Kuporga tayanib yozmoqda.
"DOGE mavjud emas. U endi markazlashtirilgan tuzilma hisoblanmaydi", — dedi Kupor DOGE'ning holati haqidagi savolga javoban.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, DOGE'ning ko‘plab funksiyalarini Kadrlar boshqarmasi (federal hukumatning kadrlar agentligi) o‘z zimmasiga olgan. Agentlik ta’kidlashicha, bu Tramp ma’muriyatining DOGE faoliyatining to‘xtatilishi borasidagi ilk izohi hisoblanadi.
Biroq yozdan beri prezident va uning jamoasi departament amalda mavjud emasligini bildirib kelgan. Shu bilan birga, Donald Tramp o‘z prezidentligining boshlarida DOGE 2026 yil iyuligacha faoliyat yuritishi kerakligi haqidagi farmonni imzolagan edi.
Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) faoliyati natijasida yuzlab davlat xizmatchilari ishdan bo‘shatilgan. DOGE davlat xarajatlarini o‘nlab milliard dollarga qisqartirishga muvaffaq bo‘lganini da’vo qilgan, biroq mustaqil moliyaviy ekspertlar buni tasdiqlay olmagan, chunki departament o‘z faoliyati haqida batafsil ochiq hisobot taqdim etmagan.