Bu haqda AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Fox News telekanali efirida ma’lum qildi.
"Men aniq sonni aytolmayman, lekin bunday davlatlar soni 30 dan ko‘p. Agar bu mamlakatlarda barqaror hukumat bo‘lmasa, shuningdek, ular bizga Qo‘shma Shtatlarga kirishga urinayotgan fuqarolari kimligini tushuntira olmasa va ularni tekshirishga yordam bermasa, unda nega biz bu mamlakatlar fuqarolarini Qo‘shma Shtatlarga kiritishimiz kerak?", — dedi vazir.
Yangi cheklovlar 26 noyabr kuni Oq uy yaqini sodir bo‘lgan otishmadan keyin qattiqlashtirilgan migrasiya siyosatining davomidir. Bu hujum oqibatida AQSh Milliy gvardiyasi harbiylaridan biri halok bo‘lgan, bir nafari og‘ir yaralangandi. Surishtiruvlarga ko‘ra, hujumni 2021 yilda AQShga kelgan afg‘onistonlik amalga oshirgan. Prezident Tramp o‘shanda “uchinchi dunyo mamlakatlaridan keladigan migrantlarni abadiy to‘xtatishga” va’da bergan edi.
Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati “AQSh milliy xavfsizligiga tahdid”, deb hisoblagan 19 davlat fuqarolarining barcha immigrasiya arizalarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatgandi. “Qora ro‘yxat”ga tushganlar orasida Eron, Venesuela, Turkmaniston va Afg‘oniston fuqarolari ham bor.