AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 21 yanvardan, ya’ni u lavozimga kirishgan kuniyoq noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportasiya qilish haqidagi saylovoldi va’dalarini amalga oshirishga kirishadi.
Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.
Ularga ko‘ra, birinchi "migrantlarga qarshi keng ko‘lamli reyd" Illinoys shtatining Chikago shahrida seshanba kuni ertalab boshlanadi va hafta oxirigacha davom etadi.
Operasiyada AQShning immigrasiya va bojxona xizmatining 200 ga yaqin xodimi ishtirok etadi. Ularning nishoni birinchi navbatda jinoiy o‘tmishdagi noqonuniy muhojirlar bo‘ladi, deb yozadi gazeta. Chikagodan keyin migrantlar reydlari Nyu-York, Los-Anjeles (Kaliforniya), Denver (Kolorado) va Mayamida (Florida) bo‘lib o‘tadi, deb yozadi nashr.
Avvalroq CNN telekanali Tramp jamoasi 20 yanvar kuni inaugurasiya marosimidan bir necha soat o‘tib e’lon qilinadigan “qattiq immigrasiya” qonunchiligi paketini yakunlayotgani haqida xabar bergan edi.