Donald Tramp boshchiligidagi AQSh hukumati Yevropaning migrasiya siyosatini naiv va xavfli, deb hisoblamoqda hamda uning global oqibatlaridan tashvish bildirmoqda. Vashington Germaniya, Britaniya yoki Shvesiya kabi davlatlarni qonun va qoidalarni qattiqlashtirishga faol ravishda undamoqda. Bu vazifa kelgusida AQSh elchilari zimmasiga yuklanadi.
Marko Rubio rahbarlik qilayotgan Davlat departamenti AQSh elchixonalari va konsulxonalari uchun direktiva e’lon qildi. Unda aytilishicha, ular boshqa davlatlarning migrasiya siyosatini kuzatib borishi va zarurat tug‘ilganda unga aralashishi kerak. Vedomstvo buni boshqa davlatlardagi «inson huquqlari» bilan izohlaydi.
«Ommaviy migrasiya — bu inson huquqlari masalasi. [...] Amerikalik amaldorlar hukumatlarni qat’iy choralar ko‘rishga va fuqarolarni ommaviy migrasiya xavflaridan himoya qilishga chaqirishadi», — deyiladi departament xabarida.
Gosdep X ijtimoiy tarmog‘idagi bildiruvida G‘arb mamlakatlari «jinoyatchilik to‘lqinlari, teraktlar, jinsiy zo‘ravonlik va jamoalarning siqib chiqarilishi»ni boshidan kechirganini ta’kidlaydi. Misol sifatida Gosdep 2020 yilda Gamburg bog‘ida 15 yoshli qizning to‘qqiz nafar erkak tomonidan zo‘rlanishi, shuningdek, Britaniya va Shvesiyada migrantlar ishtirokida sodir etilgan boshqa jinoyatlarni keltiradi. AQSh Davlat departamenti Yevropa sud tizimini ham keskin tanqid qiladi:
«Internetda zo‘ravonlardan birini haqorat qilgan nemis ayolining o‘zi jinoyatchilarga qaraganda qattiqroq jazo olgan».
Bu direktiva AQSh vise-prezidenti Jey Di Vensning fevral oyida Myunxen xavfsizlik anjumanida so‘zlagan nutqini eslatadi:
«Bu yerdagi davlatlar duch kelayotgan barcha muammolar orasida, menimcha, ommaviy migrasiyadan ko‘ra dolzarbrogi yo‘q. Yo‘lni o‘zgartirishdan oldin yana qancha dahshatli zarbalarni boshdan kechirishimiz kerak?»
Ko‘rinadiki, Davlat departamenti endi AQSh ma’muriyatining ushbu talabini amalga oshirish uchun harakatga o‘tmoqda.