Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati "Neftchi" va "Qizilqum" jamoalari o‘yini oldidan stadion kirish eshiklaridan birida sodir bo‘lgan tartibsizlik yuzasidan rasmiy axborot berdi.
«Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 22 noyabr kuni Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan "Neftchi"-"Qizilqum" futbol o‘yini boshlanishidan avval, stadionning 2-son nazorat o‘tish joyida fuqarolar tartib bilan hududiga kiritilayotgan vaqtda, bir nechta chiptasiz shaxslar stadionga noqonuniy kirishga urinib, temir to‘siqlarni olib tashlab, xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka harakat qilishgan.
Jamoat tartibini saqlashga jalb etilgan xodimlarning tezkor va qat’iy choralari natijasida tartibbuzarlarning harakatiga chek qo‘yilgan.
Hozirda mazkur tartibsizlikni uyushtirishda gumonlangan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlangan bo‘lib, ularning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida surushtiruv harakatlari olib borilmoqda», - deyiladi xabarda.