Trampning ta’kidlashicha, agar mintaqadagi boshqa davlatlar ham shunday qurollarga ega bo‘lsa, Eronning ballistik raketalarga egaligi avtomatik ravishda qoidabuzarlik sifatida baholanmasligi kerak.
Fransiyada jurnalistlar bilan muloqotda u Saudiya Arabistoni, Qatar va Yaqin Sharqning boshqa davlatlarida ham shunday raketalar mavjud ekanini eslab, Eron uchun to‘liq taqiqni adolatsiz deb hisoblashini bildirdi. Shu bilan birga, Tramp ballistik raketalar va yadroviy qurollar mutlaqo turli toifadagi qurollar ekanini alohida qayd etdi.
Bayonot AQSh va Eron o‘rtasidagi bo‘lajak kelishuv uchun asos bo‘ladigan memorandum matni e’lon qilinganidan keyin yangradi. Hujjatda harbiy harakatlarni to‘xtatish, Hurmuz bo‘g‘ozini ochish, ayrim sanksiyalarni bekor qilish hamda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Tramp AQSh harbiylari Fors ko‘rfazida yana ma’lum muddat qolishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvni imzolash marosimi yaqin 48 soat ichida o‘tkazilishi mumkin.