The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Amerika rasmiylari shunday bayonot bergan: Donald Tramp Eronda hokimiyatni ag‘darish uchun qurol ko‘tarishga tayyor bo‘lgan guruhlarni, jumladan kurdlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Shuningdek, AQSh prezidenti Iroq Kurdistoni rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Avval xabar berganimizdek, ular mintaqada Eronga qarshi quruqlikdagi harbiy harakatlarni boshlashga qodir bo‘lgan deyarli yagona kuch hisoblanadi.
Nashr yozishicha:
“Amerika rasmiylarining aytishicha, prezident Tramp Eronda rejimni ag‘darish uchun qurol olishga tayyor bo‘lgan guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor va bu g‘oya, kamida ritorika darajasida, Eron guruhlarini Vashington tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan quruqlik kuchlariga aylantirishi mumkin. Prezident Tramp mintaqadagi ko‘plab hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, Masoud Barzani — Kurdiston Demokratik partiyasi prezidenti (amalda Iroq Kurdistoni rahbari) va Bafel Talabani — Kurdiston Vatanparvarlar ittifoqi prezidenti bilan. Muhokamalardan xabardor manba suhbatlarni “nozik” deb ta’rifladi. Qurol-yarog‘ yoki razvedka yordamini taqdim etish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.”
Qayd etish joizki, kecha kechqurundan beri Trampning bayonotlarida keskin o‘zgarish kuzatildi. Agar avval u “Tehron muzokaralarni istamoqda” deb bildirgan va bunga tayyor ekaniga ishora qilgan bo‘lsa, endi u hech qanday muzokara bo‘lmasligini aytmoqda hamda Eron hokimiyatiga qarshi kuchlarni qurollantirish, shuningdek quruqlik operasiyasi ehtimoli haqida gapirmoqda.
Bu holat Vashingtonning yangi Eron rahbariyati bilan kelishuvga erishishga qaratilgan urinishlari hozircha muvaffaqiyat qozonmaganining bilvosita dalili bo‘lishi mumkin.