AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlar masalasida Kongress roziligi talab etilmasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi sulh tufayli janglar to‘xtatilgan va shu bois 60 kunlik qonuniy muddat amal qilmaydi.
Oq uy rahbari Kongress yetakchilariga yo‘llagan maktubida, Eron bilan erishilgan kelishuv harbiy harakatlar bo‘yicha majburiyatlarni vaqtincha “to‘xtatib qo‘yganini” qayd etdi.
Ma’lumki, War Powers Resolutionga ko‘ra, prezident harbiy amaliyotlar boshlanganidan so‘ng 48 soat ichida Kongressni xabardor qilishi va 60 kun ichida uning roziligini olishi shart. Aks holda, qo‘shinlar jangovar hududdan olib chiqilishi kerak.
AQShning Eronga qarshi amaliyoti 28 fevralda boshlangan, 2 mart kuni esa Kongress rasman xabardor qilingan edi. Shunga ko‘ra, belgilangan 60 kunlik muddat 1 may kuni yakunlangan.
Biroq Trampning fikricha, janglar to‘xtatilgani sababli mazkur cheklov avtomatik tarzda amal qilmaydi.
Ayni paytda Eron rasmiylari harbiy harakatlar qayta boshlanish ehtimolini istisno etmayapti. Bu esa vaziyat hali ham tarangligicha qolayotganini ko‘rsatadi.