Tramp Putin va Si Jinpin bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda dunyodagi yadro qurollari sonini qisqartirish masalasini muhokama qilmoqchi — Oq uy matbuot kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uch davlat rahbarining uchrashuvi 19 noyabr kuni Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Unda asosiy e’tibor yadro qurollari ustidan nazorat va ularning sonini kamaytirish masalasiga qaratiladi.
"AQSh prezidneti dunyodagi yadro qurollari sonini qisqartirish masalasini muhokama qiladi. Prezident Tramp ularning tarqalishini juda xavfli deb hisoblaydi", — dedi Oq uy vakili.
Bu uch davlat rahbarlarining tarixdagi ilk uch tomonlama uchrashuvi bo‘ladi. Avvalroq Oq uy vakillari tomonlar yadro qurollari bo‘yicha keng ko‘lamli kelishuv ishlab chiqish masalasini, shuningdek, Eron mojarosi va Shimoliy Koreya atrofidagi vaziyatni muhokama qilishi mumkinligini bildirgan edi.
Biroq Tramp ma’muriyatining yuqori martabali vakili yadro qurollari bo‘yicha uchrashuvdan muayyan kelishuvga erishish kutilmayotganini ta’kidladi.
"Biz qandaydir kelishuvga erishishni kutmayapmiz. Bu Xitoy uchun muhokama qilish qiyin bo‘lgan mavzu. Ammo Xitoy ham bu masalada katta davlatlar qatorida o‘z mas’uliyatini anglab, jiddiy muloqotga kirishishi vaqti keldi, deb hisoblaymiz", — dedi AQSh ma’muriyati vakili.
Pekin ko‘p yillardan buyon Vashington bilan o‘zining yadro dasturi yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazishdan bosh tortib keladi. Xitoyning fikricha, yadro qurollari zaxirasi ancha katta bo‘lgan Rossiya va AQSh bu masalani avvalo o‘zaro muhokama qilishi kerak.
Reuters suhbatlashgan AQSh ma’muriyati vakilining aytishicha, Tramp uchrashuvda Eron bilan bog‘liq AQSh va Isroil urushini ham ko‘taradi. Biroq Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi muhokama qilinishi kutilmayapti.
Shuningdek, Trampning Putin bilan alohida, yakkama-yakka uchrashuvi rejalashtirilmagan. Tomonlar Ukrainaning Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasi tomonidan taqdim etiladigan sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatidan foydalanishi masalasini ham muhokama qilmaydi.
AQSh ma’muriyati vakilining izohlashicha, Vashington va Moskva o‘rtasida Ukraina masalasi bo‘yicha so‘nggi paytlarda ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazilgan, biroq Xitoy bu muzokaralar jarayonining bir qismi emas. Shu sababli masalani uch tomonlama uchrashuvda ko‘tarish maqsadga muvofiq emas.