2026 yil boshida AQShning Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlash bo‘yicha o‘rtacha oylik xarajatlari Jo Bayden prezidentligi davridagiga nisbatan qariyb besh baravar kamaydi. Buni RIA Novosti AQSh Kongressi uchun tayyorlangan hisobot ma’lumotlari asosida hisoblab chiqdi.
2022 yil martdan 2024 yil dekabrgacha Vashington Kiyevga qariyb 43,4 mlrd dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgan. Shundan 32,25 mlrd dollari Pentagon zaxiralaridagi tayyor qurol-yarog‘ va texnika hissasiga to‘g‘ri kelgan, yana 11,15 mlrd dollar USAI dasturi bo‘yicha mudofaa korxonalariga to‘langan.
34 oy davomida harbiy ta’minotning o‘rtacha oylik qiymati qariyb 1,28 mlrd dollarni tashkil etgan.
USAI — Ukraine Security Assistance Initiative, ya’ni Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi.
Pentagon zaxiralaridan yordam berilganda, omborlarda mavjud qurol-yarog‘ Ukrainaga nisbatan tez yetkazib berilishi mumkin. USAI doirasida esa AQSh Mudofaa vazirligi qurolni o‘z zaxirasidan olmaydi, balki uni Amerika mudofaa kompaniyalariga buyurtma qiladi. Shu sababli shartnoma tuzish, qurolni ishlab chiqarish va yetkazib berish bir necha oy yoki yil davom etishi mumkin.