Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning rasmiy qarorgohida ishlagan sobiq xodim uning oilasiga nisbatan jiddiy ayblovlarni ilgari surdi. Bu haqda Isroilning 12-kanali anonimlik saqlangan holda «Y» harfi bilan tanishtirilgan sobiq xodim so‘zlariga tayanib xabar berdi.
Uning aytishicha, bosh vazirning rafiqasi Sara Netanyahu qarorgoh xodimlariga nisbatan muntazam ravishda haqoratli munosabatda bo‘lgan, ayrim hollarda esa jismoniy kuch ishlatgan.
Sobiq xodimning ta’kidlashicha, Sara Netanyahu xorijlik ishchilar hamda sharqlik yahudiylar (mizrohiylar)ga nisbatan kamsituvchi munosabatda bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sara Netanyahu tozalash ishlaridan norozi bo‘lib, uni uch marta turtib yuborgan.
Xodim farzandi og‘ir autizm bilan yashashini aytganida, Sara Netanyahu uni haqorat qilganini ham iddao qildi.
Shuningdek, sobiq xodim Afrikadan kelgan ayol xodima ham muntazam tahqirlanganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sara Netanyahu mazkur xodimni har safar binoga kirishda to‘liq yechinib, maxsus kiyim kiyishga majbur qilgan hamda unga suv ichish uchun tanaffus berishni taqiqlagan.
Ayblovlarda Netanyahuning o‘g‘li Yair Netanyahu ham tilga olingan. Sobiq xodimning ta’kidlashicha, u to‘shak choyshablari yuvilmaganidan norozi bo‘lib, uni turtib yuborgan.
Shuningdek, qarorgoh xodimlari mehnat qonunchiligi talablariga zid ravishda muntazam ravishda uzoq muddatli qo‘shimcha ishlashga majbur qilingani ham iddao qilinmoqda. Ayblovlar yuzasidan Netanyahu oilasining rasmiy munosabati haqida ma’lumot berilmagan.