Donald Tramp Vashington va Kiyev o‘rtasida foydali qazilmalar va kamyob yer metallari bo‘yicha tuzilgan bitim AQShga Ukraina resurslaridan foydalanishda deyarli cheklanmagan imkoniyat berishini ma’lum qildi.
"Ukraina kamyob yer elementlari nuqtai nazaridan juda boy va juda unumdor tuproqqa ega. Bizda esa kamyob yer elementlariga oid imzolangan shartnoma mavjud. Biz xohlagan vaqtimizda u yerga borishimiz va deyarli xohlagan narsamizni olishimiz mumkin", — dedi u "Real America’s Voice" telekanaliga bergan intervyusida va "bu juda manfaatli bitim bo‘lganini" qo‘shimcha qildi.
2025 yil 1 may kuni AQSh Moliya vaziri Skott Bessent hamda o‘sha paytda Ukraina Iqtisodiyot vaziri lavozimini egallagan Yuliya Sviridenko Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha Amerika-Ukraina investisiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Jamg‘arma Ukraina foydali qazilmalarini qazib olishdan tushadigan foyda hisobiga to‘ldirilishi ko‘zda tutilgan edi.
Oq uy rahbari o‘shanda AQSh ushbu bitimdan $350 milliarddan "ancha ko‘p" manfaat olishini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Rossiya tomonidan boshlangan urush boshlanganidan beri Kiyevga ko‘rsatilgan yordam uchun aynan shuncha mablag‘ sarflagan. Ukrainada ushbu bitim xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olmagani to‘g‘risidagi vaj bilan tanqid qilingan edi.