Donald Tramp AQShning Eronga qarshi dengiz blokadasi yuqori samara berayotganini ta’kidlab, ommaviy axborot vositalarini bu haqda yetarlicha yoritmayotganlikda aybladi.
“Soxta axborot vositalari AQSh dengiz blokadasi qanchalik samarali ekanini yoritishdan bosh tortmoqda. Bu dengiz urushi tarixidagi eng muvaffaqiyatli blokadadir”, — dedi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, AQSh nazoratisiz hech qanday yuk harakati amalga oshmaydi.
“Biz istamagunimizcha hech narsa o‘tmaydi. Bu po‘lat devor”, — deya bayonot qildi AQSh prezidenti.
Tramp, shuningdek, Eron iqtisodiyoti jiddiy bosim ostida qolganini iddao qildi.
“Eron hech qanday biznes qilmayapti, harbiylariga yoki boshqa xarajatlariga pul to‘lay olmayapti va tez sur’atda muvaffaqiyatsiz davlatga aylanmoqda. Neftning katta qismi chiqib ketmoqda”, — dedi u.
Ayni paytda Trampning bu bayonotlari mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lib, Eron rasmiylari hozircha mazkur iddaolar yuzasidan munosabat bildirmagan.