Donald Tramp Barak va Mishel Obama maymunlar qiyofasida aks ettirilgan videoni e’lon qilishi ortidan katta mojaro avj oldi — OAV.
AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida katta norozilik to‘lqiniga sabab bo‘lgan videoni e’lon qildi. Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan va saylovlar natijalari soxtalashtirilgani haqidagi da’volarga bag‘ishlangan rolik oxirida sobiq prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel o‘rmondagi maymunlar qiyofasida tasvirlangan.
Qo‘shma Shtatlarda ko‘pchilik buni irqchilikka ishora sifatida qabul qildi. Tanqidlar nafaqat demokratlar, balki respublikachilar tomonidan ham bildirilmoqda.
"Tramp Barak va Mishel Obamani maymunlar qiyofasida aks ettirgan irqchilik ruhidagi videoni e’lon qildi. Bundanda pastkashroq bo‘lishning iloji yo‘q", deb bayonot berdi Republicans Against Trump guruhi.
Ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, AQSh prezidenti qisqa vaqt ichida, jumladan ushbu rolikni ham qo‘shgan holda, ketma-ket o‘nlab g‘alati postlar joylagani muhokama qilinmoqda. Ayrim foydalanuvchilar hatto AQSh Konstitusiyasining 25-tuzatmasini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. Bu tuzatma prezident layoqasiz deb topilgan taqdirda, uni lavozimidan chetlatish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Barak Obama 2009—2017 yillarda ketma-ket ikki muddat AQSh prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Obama AQSh tarixida prezident etib saylangan birinchi afro-amerikalik inson hisoblanadi.