O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi aksiyadorlik jamiyatida ilk marotaba oltin oldi-sotdi savdosi amalga oshirildi. Birjada ushbu qimmatbaho metall sotuvchisi sifatida Olmaliq KMK AJ ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 martdagi O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi aksiyadorlik jamiyati birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida gi qaroriga muvofiq, mahalliy tovar xom-ashyo birjasida qimmatbaho metallarni sotish boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi aksiyadorlik jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazilgan savdo yakunlariga ko‘ra, Au-1 markali 209,06 million so‘mlik 600 gramm oltin sotilgan. Ayni paytda birja kotirovkasi boshlang‘ich narxda saqlangan va 1 gramm oltin uchun 348,4 ming so‘mni tashkil etgan.
Qimmatbaho metallar birja savdolari mamlakatimiz qonunchiligiga binoan birja savdolari va hisob-kitob kliring xizmat ko‘rsatish tartib-qoidalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Bundan tashqari, mahalliy birjada xarid qilingan qimmatbaho metallarni eksportga sotish taqiqlangan.
Zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqaruvchilar birja savdolarida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan beriladigan qimmatbaho metall va toshlardan zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyani taqdim etishlari zarur.
Manba: uza.uz