Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Toshkent shahri va poytaxt mintaqasidagi issiqxona xo‘jaliklariga ekologik toza isitish texnologiyalarini joriy etish sharti bilan faoliyatini davom ettirishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.
Taklifga ko‘ra, issiqxonalar tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalanishi mumkin.
Muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan holatlarda ko‘mir yoqishga ham ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Biroq bunda issiqxonalar zamonaviy sertifikatlangan qozonlar, samarali filtrlar va chiqindilarni tozalash tizimlari bilan jihozlanishi, atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me’yorlarga mos bo‘lishi shart.
Shuningdek, ekologik talablarga o‘tadigan issiqxona xo‘jaliklari uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxonalarning poytaxt mintaqasida faoliyat yuritishiga nisbatan taqiq saqlanib qoladi.
Ta’kidlanishicha, poytaxt mintaqasida tungi vaqtda havo haroratining keskin pasayishi va shamolsiz ob-havo sharoitida atmosferada inversiya tabiiy hodisasi kuzatilishi natijasida ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanadigan issiqxona xo‘jaliklaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha fuqarolarning murojaat va shikoyatlari ko‘paygan. Jumladan, Yunusobod tumani aholisi atmosfera havosi sifati yomonlashgani, shuningdek, issiqxonalarni isitish maqsadida ko‘mirdan foydalanish oqibatida yuzaga keladigan noxush hidlar haqida xabar bergan.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, fuqarolarning murojaatlarida keltirilgan barcha holatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan voqea joyiga chiqqan holda tegishli o‘rganish ishlari olib borilgan. Toshkent shahri atmosferasiga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarayotgan shaxslarga nisbatan zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rish uchun ishonchli ma’lumotlarni olish maqsadida havodan namunalar olingan.