Millatimizning qon-qoniga singib ketgan shunday bir odat borki, oilada farzand voyaga yetgach, uni iloji boricha tezroq turmushga uzatish, uylantirish harakatiga tushaveramiz. O‘zbek to‘y bo‘lsin deydi, hatto qizi esini tanimasdan sep yig‘adi, sandiq to‘ldiradi, o‘g‘li voyaga yetmasdan ho‘kiz boqadi, joy soladi. Balki, barchasi o‘ta bolajon xalq ekanligimizdandir. Ammo, to‘ydan avval farzandlarimiz turmushga tayyormi, hayotning achchiq-chuchugini birga totishga, birga ro‘zg‘or yukini ko‘tarishga chog‘i keladimi, ertaga ajrashib, begunoh farzandlarni yetim qoldirmaydimi, bu narsalarni o‘ylab ko‘rishga ko‘pchilikning hafsalasi ham kelmaydi. Oqibatda, buzilgan oilalar, yetim qolgan farzandlar, o‘gay otalar yo onalar qo‘lida ezilib o‘sadigan, alamzada bo‘lajak oila boshliqlari, bekalari ko‘payib bormoqda.
2023 yil dekabrda Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida ko‘rilgan sud ishida ham bir emas, to‘rtta ota-onasi tirik bo‘la turib yetimga aylangan farzandlarning taqdiri hal qilindi.
Aziza (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Akmal bilan turmushi nega buzilganiga o‘zi ham aniq javob bera olmaydi. Erning ham, xotinning ham o‘z haqiqatlari bor, ammo hamma tan oladigan haqiqat shuki, ular birgalikda 17 yil umr kechirishdi. Turmushlaridan to‘rt farzand – ikki o‘g‘il va ikki qiz tug‘ilib, bolalarning kattasi 16 yoshga, eng kichigi 8 yoshga yetganida, ajrashishga qaror qilishdi. Ona tibbiyotdan bilim olish, shuningdek farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlash vaji bilan Turkiyaga ketdi. Ota esa onadan aliment undirish, ayni vaqtda ularni onasiga ko‘rsatmaslik, telefonda suhbatlashishlariga ham qarshilik qilish bilan band bo‘ldi. Ota-ona o‘z g‘ururi, prinsiplari bilan, bir-birlariga qarshi dalil to‘plash-u, kim haq-u kim nohaqligi bilan band ekanlar, farzandlar o‘rtada sarson, na otasiga, na onasiga qayisha olmay halak bo‘lishdi.
Oxirida Aziza sobiq turmush o‘rtog‘ini yana sudga berib, farzandlari bilan uchrashish tartibini belgilash haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi.
Sudda Azizaning manfaatlarini himoya qilgan advokat ayolning javobgar bilan qonuniy nikohdan o‘tib turmush qurganligini, birgalikdagi turmushidan to‘rt nafar farzandi borligini, javobgar bilan kelisha olmaganligi sababli qonuniy nikohdan ajrashganligini, sudning qaroriga asosan farzandlari bilan uchrashuv tartibi va vaqti belgilanganligi, da’vogar hozirda tabobat ilmini oshirish va farzandlari ta’minoti uchun Turkiya Respublikasiga ketganligini, farzandlari o‘rtasidagi masofa uzoqliligi, aviabilet narxlari qimmatligi sababli hal qiluv qarorida ko‘rsatilgan vaqtlarda farzandlari bilan jismonan uchrashib ularga g‘amxo‘rlik qilishga, ularning sog‘lig‘i, tarbiyasi va ta’limi bilan shug‘ullanishga ob’ektiv to‘siq bo‘layotganligini, farzandlari bilan telefon orqali muloqot qilish iltimosini javobgar e’tiborsiz qoldirganligini, ayni vaqtda farzandlarining ahvolidan xabar ololmayotganligini, farzandlari bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishni xohlayotganligini aytib, suddan da’vogarning farzandi bilan uchrashuv tartibini o‘zgartirib, ma’lum kunlarda telefonda farzandlari bilan videoqo‘ng‘iroq orqali suhbatlashish tartibini belgilashni so‘radi.
Javobgar hisoblanmish er esa, da’vo arizani qisman tan olmasdan, javobgar bilan qonuniy nikohdan ajrashganligini, farzandlari o‘zining tarbiyasida qoldirilganligini, ayolning vajlari alimentdan va unga chetga chiqishga qo‘yilgan taqiqdan voz kechish uchun keltirilganligini, uning farzandlari uchun aliment to‘lovlardan qarzdorligi mavjudligini, farzandlari katta bo‘lib qolganligini va ular onasi bilan suhbatlashishni xohlamasligini bildirib, suddan da’vo talabini qanoatlantirishini rad qilishni so‘ragan.
Ishga jalb qilingan Toshkent shaxar Shayxontohur tumani hokimligi huzuridagi Bolalarni himoya qilish masalalari bo‘yicha sho‘’basi mutaxassisining ham fikrlari o‘rganilgan. Sud taraflarning bayonotlarini tinglab, Bolalarni himoya qilish masalalari bo‘yicha sho‘’basi mutaxassisi xulosasini hamda ish hujjatlarini o‘rganib chiqib, da’vo arizani qisman qanoatlantirish haqidagi xulosaga keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 71-moddasiga ko‘ra, ota-ona o‘z bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar (ota-onalik huquqlari). Ushbu bobda nazarda tutilgan ota-onalik huquqlari bolalar o‘n sakkiz yoshga to‘lganlarida (voyaga yetganda), shuningdek voyaga yetmagan bolalar nikohga kirganlarida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda bolalar voyaga yetmasdan to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganlarida tugaydi. Ushbu kodeks 73-moddasining 1-qismiga ko‘ra, ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 76-moddasiga ko‘ra, boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Bolalar bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko‘rishishiga, agar bunday ko‘rishish bolalarning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.
Ota-ona bolalardan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda aybdor ota-onaga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud bolalardan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolalarni unga berish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4296-sonli qarorining 3-bandida oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida bola o‘z fikrini ifoda qilishga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli organlar (shaxslar) bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, jiddiy omil sifatida ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shart ekanligi belgilangan.
Sud majlisida voyaga yetmagan to‘rt farzandning ishtiroki ham ta’minlanib, ularning fikri o‘rganildi.
Sud aniqlangan holatlarni inobatga olib, bolalar haftaning ma’lum belgilangan kunlarida onalari bilan telefonda videoqo‘ng‘iroq orqali suhbatlashish tartibini belgilashni lozim topdi.
Bolalarining ruhiyati, ularning kelajakdagi kamoloti, qanday inson, qanday ota-ona bo‘lib yetishishi juda ko‘p jihatdan oilaga, aynan ota-onaga bog‘liq. Ota-ona o‘z dardi bilan, xayoli faqat mablag‘, bir-birining nohaqligini isbotlash bilan band bo‘lsa, bunday oilada qanday farzandlar voyaga yetishi ma’lum. Shuning uchun ham oila deb atalmish buyuk qo‘rg‘onni qurishga ahd qilgan har bir yigit-qiz kelajakda bir nechta insonlarning ham hayotini belgilab berishga qo‘l urayotganlarini yodda saqlamoqlari, shunga munosib harakat qilmoqliklari lozim.
Abduqodir Rajabov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining sudyasi