Toshkent shahar. Joriy yilning 06 yanvar kuni soat 18:00 larda 39 yoshli Xitoy davlati fuqarosi S.W. Mirzo Ulug‘bek tumani Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanining birida bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, mazkur umumiy ovqatlanish maskanida oila a’zolari bilan ovqatlanib o‘tirgan 36 yoshli K.D. bilan kelib chiqqan o‘zaro tortishuv natijasida, uni bosh qismiga o‘ng qo‘lini musht qilgan holda bir marotaba zarba berib, tan jarohatini yetkazganligi aniqlangan.
Sud tibbiy ekspertiza xulosasida K.D.,da yengil turdagi tan jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S.W.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, S.W. hamda K.D.,lar mazkur umumiy ovqatlanish maskanida navbatlarini bo‘lisha olmay qolganliklari, shu vaqtda S.W. fuqaro K.D.,ni ingliz tilida haqorat qilganligi sababli janjal ko‘tarilib, tortishuv natijasida S.W. uni urib tan jarohat yetkazgan.
Ta’kidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.
Hozirda tergov davom etmoqda.