Sayyoramizdagi suv resurslari tanqisligi muammosi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Bir sutkada dunyo miqyosida 10 mlrd tonnagacha suv iste’mol qilinadi. Chuchuk suvning 70%i qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi – bir tonna bug‘doy yetishtirish uchun ming tonnaga yaqin suv sarflanishi kerak. Bu resurs uchun iqtisodiyotning boshqa sohalari o‘rtasida ham kurash ketayotgan bir paytda qishloq xo‘jaligi oldida kam suv sarflagan holda ko‘proq va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish masalasi ko‘ndalang turibdi.
Joriy yilning 18 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz mazkur muammoga alohida to‘xtalib, bir qator vazifalarni belgilab berdi. Ularning ijrosi sifatida “Agrobank” va Suv xo‘jaligi vazirligi “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda “Suvchilar maktabi” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur keng qamrovli loyihaning tantanali taqdimoti 29 may sanasida milliy tadqiqot universiteti binosida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Suv xo‘jaligi vaziri SH.Hamroyev loyihaning ahamiyatiga to‘xtaldi:
"Ushbu maktabni tashkil etishdan maqsad qishloq xo‘jaligi sohasi vakillariga suvdan samarali foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishishni o‘rgatishdir. Bunda innovasion texnologiyalar, rivojlangan xorijiy mamlakatlar amaliyotiga joriy etilayotgan yangi tajribalar orqali maktab a’zolari faoliyati takomillashtirib boriladi", — dedi vazir.
“Agrobank” ATB Boshqaruv raisi R.Mamatqulov o‘z ma’ruzasida kelguida “Suvchilar maktabi” doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Birinchi navbatda, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirishda fermerlarni o‘qitish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham bu maktabda suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashning ilg‘or usullari bo‘yicha bilimlar beriladi. Isroil, Turkiya, Ispaniya va Xitoydan tajribali mutaxassislar ham jalb qilinadi. Shu yil yakuniga qadar, Respublikaning har bir hududida Suvchilar maktabi tashkil etish rejalashtirilgan 2024-2030 yillarda 45 mingdan ortiq (har yili 6500 nafar) fermer xo‘jaliklarini sertifikatlash bo‘yicha 1 haftalik o‘quv kurslari va “Suvchilar maktabi” platformasi tashkil etiladi.
Ta’lim dasturi joriy yil may oxiridan sentyabr oxirigacha davom etadi. Loyiha doirasida mamlakatimiz viloyat va hududlarida 60 mingga yaqin fermer va 4000dan ortiq suv ta’minoti maxsus xodimini (miroblar) o‘qitish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar o‘qishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikat, shuningdek, “Agrobank” tomonidan imtiyozli kredit olish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi.
“Suvchilar maktabi” ga ro‘yxatdan o‘tish:
Telegram - bot orqali @suvchimaktabi_bot;
Web-cayt: http://suvchimaktabi.uz;
Telefon: 1319.