Toshkent shahridagi maktablarning birida o‘qituvchi o‘quvchilari ko‘z o‘ngida ikkinchi qavat derazasidan mushukni uloqtirib yuborgan. Sud o‘qituvchini BHMning bir baravari miqdorida jarimaga tortdi. U o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgani ham aytilmoqda.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 62-maktabning o‘zbek tili o‘qituvchisi o‘quvchilari ko‘z o‘ngida ikkinchi qavat derazasidan mushukni ko‘chaga uloqtirgan. Mushukcha nobud bo‘lgan.
Voqea 27 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Poytaxt ta’lim boshqarmasining tushuntirishicha, 7-sinf o‘quvchilari «ona tili darsiga o‘zboshimchalik bilan mushuk olib kirgan».
Garchi boshqarma mushuk jiddiy jarohatlar olmaganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, «Mushukkent» loyihasi mushukcha ikkinchi qavatdan qulashi oqibatida ko‘plab jarohatlar olgani, Ecolog.uz esa mushukcha keyinroq nobud bo‘lganini xabar qilgan.
Uchtepa tumani sudi tomonidan o‘qituvchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 1-qismi —hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun 375 ming so‘m miqdorida jarima solingan.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, o‘qituvchi o‘z arizasiga binoan egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.