Toshkent shahar sudi matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun, 2022 yil 12 iyul sanasida jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida, ochiq sud majlisida, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi raisi Alisher Jalilov raisligida ikki nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.
Huquqbuzar yigit va qiz 2022 yil 9 iyul kuni soat 21:30 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Nukus ko‘chasida bo‘la turib, mast holda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, “Lasseti” rusumli avtomashinasi lyuk qismidan tana va bosh qismlarini chiqarib olishadi. Jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini buzishgan hamda IIB xodimlari tomonidan Yakkasaroy tumani Kichik Beshyog‘och va Nukus chorrahasida avtomashina to‘xtatilib, ularni shaxslarini aniqlash maqsadida IIB binosiga taklif qilishganida, yigit IIB binosiga borishdan bosh tortib, IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.
Sudning qaroriga ko‘ra, huquqbuzar yigit Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topildi. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi va bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida, ya’ni 300 000 so‘m ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.
Huquqbuzar qiz esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Qarordan norozi tomon shu sud orqali Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasiga yigirma sutka ichida shikoyat berishi yoki protest keltirishi mumkin.