Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ilk yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar sinov tarzida ishga tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Spot xabar qilishicha, Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bu haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan.
Hokimlikning qayd etishicha, avvalroq taxmin qilinganidek, birinchi bosqichda yo‘l bo‘yi avtoturargohlari uchun 13−14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta pulli avtoturargoh ishga tushirilgan.
Pulli avtoturargohlardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, maxsus belgi — to‘q sariq fonda qora rang bilan katta «P» harfi tasvirlangan. Uning narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi, to‘lamaganlik uchun jarima ko‘zda tutilgan.
Avtoturargoh uchun to‘lovlarni Poytaxt Parking ilovasi orqali onlayn yoki Paynet terminallari orqali naqd pulda amalga oshirish mumkin. Spot qayd etishicha, App Store va Google Play do‘konlaridan bunday ilova topilmagan. Mobil ilovani ishlab chiqish bilan pulli «parkovka» tashkil etish huquqini qo‘lga kiritgan Streetpark Systems kompaniyasi shug‘ullangan.