Toshkent shahrida internet orqali giyohvandlik vositalarini sotish bilan shug‘ullanayotgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 207-sonli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, axborot texnologlilari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda maxsus ishchi guruh tuzilgan. Ushbu guruhning asosiy yo‘nalishlari etib, kibermakonda, ayniqsa, internet tarmoqlari orqali giyohvandlik va psixotrop moddalarining savdosi uchun mo‘ljallangan platformalarni aniqlash, ularning faoliyatiga chek qo‘yish etib belgilangan.
Bu jarayonda tezkor vakillar tomonidan nafaqat giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi shaxslar, balki ularning tepasida turgan jinoiy guruh rahbarlarini fosh etishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida aniqlanishicha, ushbu guruh bir oy davomida to‘rtta platformalarni yaratgan, ularning faoliyatiga xizmat ko‘rsatuvchi, jinoiy yo‘l bilan topilgan mol-mulklarni kriptoaktivlar orqali legalizasiya qilib kelayotgan shaxslar aniqlanib ushlangan. Hozirda ushlangan shaxslarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi belgilangan.
Xususan, birinchi holatda Telegram tarmog‘ida obunachilarga ega giyohvandlik va psixotrop dorilar savdosi uchun yaratilgan kanal fosh qilingan. Mazkur kanalning adminlari, boshqaruvchilari, chet elda ro‘yxatdan o‘tkazilgan telefon raqamlaridan foydalangan holda Telegram tarmog‘ida faoliyat olib borgan. Mijozlardan olingan pullarni kriptohamyonlarga, bank plastik kartalarga o‘tkazgan. Mazkur jinoyatni fosh qilish jarayonida kanal admini 1999 yilda tug‘ilgan Vladimir ismli shaxs va muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 166-moddasi (Talonchilik) bilan sudlangan 1999 yilda tug‘ilgan Ruslan ismli shaxslar qo‘lga olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bank plastik kartasi, uch dona mobil telefon daliliy ashyo sifatida olingan. Mazkur shaxslar tomonidan umumiy hisobda 60 ming USDT miqdorda kriptovalyuta aylanmasi amalga oshirilgani aniqlangan.