Japarov Tashiyevni ishdan olishi haqida oldindan ogohlantirganini bildirdi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning o‘zi “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Qaror qabul qilishdan oldin do‘stimga qo‘ng‘iroq qilib, bu yerdagi vaziyatni tushuntirdim, uni lavozimidan ozod qilayotganimni aytdim va shundan so‘ng qaror qabul qildim. Bu tezkor qaror bilan, aksincha, do‘stimni himoya qildim deb o‘ylayman. Chunki uning atrofidagilar, ularni “oqsoqol” deymizmi, “ko‘ksoqol” deymizmi, har holda, do‘stimni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmoqda edilar.
Ular Qamchibek Tashiyev nomini niqob qilib, parlament deputatlari, mas’ul davlat xizmatchilari, shuningdek, jamiyatda taniqli shaxslarga “General tomoniga o‘tinglar”, deya murojaat qila boshladilar", — dedi Japarov.
Japarovning ta’kidlashicha, agar Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod qilinmaganida, ko‘rsatilgan yo‘nalishda ishlaganlarning xatti-harakatlari tufayli bunday bayonotlar yanada ko‘payib ketgan bo‘lardi. Bu davlat apparati xodimlari o‘rtasida va jamiyatda bo‘linishga, qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin edi. Aynan shu sababli u do‘stini lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur bo‘lganini aytdi.
"Davlatdagi barqarorlik men uchun hamma narsadan ustun turadi", — dedi Japarov.