Bugun 8 oktyabr, 2022 yil, shanba

КИР

Toshkentda hamkasbini o‘ldirgan san’atkor 11 yilga qamaldi

Toshkentda hamkasbini o‘ldirgan san’atkor 11 yilga qamaldi

Muqaddam o‘g‘rilik, qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyatlarini ham sodir etgan 26 yoshli, oilali shaxs bu gal qo‘lini qonga botirdi. Kishini o‘yga toldiradigani – jabrlanuvchi ham, sudlanuvchi ham san’at vakillaridan bo‘lishgan...

Sudlanuvchi o‘zining iste’moli uchun tanishidan giyohvandlik vositasini sotib olish maqsadida, unga 350 000 so‘m bergan. Biroq tanishi va’dasini bajarmasdan, sudlanuvchiga giyohvandlik moddasini yetkazib bermaydi. Natijada ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘zaro suhbatlar jarayonida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Buning zamirida sudlanuvchida tanishidan o‘ch olish maqsadi paydo bo‘lgan.

So‘ng, sudlanuvchi tanishiga qo‘ng‘iroq qiladi. Uning taklifi bilan shu kuni tanishining xonadoniga boradi. Ichkariga kirgach, muqaddam uni haqoratlagani sababli u bilan o‘zaro janjallashadi. Uni qasddan o‘ldirish maqsadida, xonadonda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan qurollanadi. Yuvinish xonasiga kirgan tanishining ortidan kelib, pichoq bilan uning ko‘krak qafasi o‘ng tomon yuqori qismi, chap kurak osti qismiga sanchilgan-kesilgan jarohatlari yetkazadi. Tanishining harakatsiz yotganligini ko‘rganidan so‘ng voqea joyidan yashiringan.

Hayot uchun xavfli bo‘lgan, ko‘krak qafasi chap tomoni orqa yuzasini teshib kirgan chap o‘pka va plevra varaqalarini shikastlagan sanchib-kesilgan jarohati oqibatida ichki va tashqi qon ketishdan tanishi tez-tibbiy yordam mashinasida vafot etgan.

“QASD OLISh UCHUN O‘Z VAQTINI KUTIB KELDIM”

Sudda sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘ldi...

— 2016 yilning yoz oylarida to‘y marosimida xizmatda yurganimda, boshqa bir guruh a’zolaridan biri bilan tanishib qolganman. Tanishimning taklifi bilan to‘yxona tashqarisiga chiqib, u olib kelgan nasha giyohvandlik vositasini iste’mol qildik. Keyin u meni giyohvandlik vositasi bilan tez-tez mehmon qilishni boshladi. Nashani qayerdan olayotgani aytmagan. U bilan tez-tez qo‘ng‘iroqlashib, undan giyohvandlik vositasini sotib olib, iste’mol qilishga o‘rganib qolgandim. Orada u “hozir nasha yo‘q”, deya “Lirika”ni 20 000 so‘m evaziga sotib olishni taklif qildi. Rozi bo‘lib, bir o‘zim iste’mol qildim. U bilan birga uning uyida ham iste’mol qilib kelganmiz. Oradan yillar o‘tdi... Zararli odatga ko‘ra, tanishimdan iste’molim uchun gashish sotib olish maqsadida qo‘ng‘iroq qildim. Topib berishini aytgani uchun uchrashib 350 000 so‘mni olib, gashishni olib kelishni va’da qildi. Biroq, olib kelmadi. Unga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildim. Meni haqorat qildi, keyin esa qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘ydi. Undan qasd olish uchun o‘z vaqtini kutib keldim. Dorixonadan 6 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotib olib, iste’mol qildim. Uyga qaytganimdan keyin tanishimning qilgan ishi esimga tushib qoldi. Tanishimga qo‘ng‘iroq qilib, “aka, unaqa yo‘q bo‘lib ketmang, bosh og‘rib keti-ku biror nima yo‘qmi?” deya undan giyohvandlik vositasi bilan mehmon qilishini so‘radim. U “ukam yangi uyimda bir o‘zimman, mehmon qilaman”, dedi. Asl maqsadim esa undan menga nisbatan qilgan haqorati bo‘yicha qasd olish bo‘lgan. Manzilga yetib borganimda tanishim kutib olib, xonadoniga olib kirdi. Menga uyining barcha xonalarini ko‘rsatdi. Unga “esingdan chiqib qolmadimmi, 350 000 so‘mimni olib ketganding. O‘lganni ustiga tepgan qilib, onamdan so‘kib, meni haromi degansan”, deya janjallashib ketdik. So‘ng tanishimga “bo‘ldi, nashani oling, taksi kutib turibdi, chakib ketaman” dedim. U nashani iste’mol qilish uchun tayyorlab turgan vaqtida, o‘zi bilan oshxonadan pichoqni olib keldi. Unga “nashani tayyorlab, hammomga kiring va chelakka suv oling” deb aldab, qo‘lidan pichoqni oldim. Shu vaqtda u bukilgan holatida chelakka suv to‘ldirib turgan vaqtida, qo‘limdagi pichoq bilan hammomga kirib, “esingdan chiqdimi onamni so‘kkaning?” deya bor kuchim bilan tanasining turli joylariga bir necha marotaba pichoq tiqdim. Qo‘l va oyoqlarim bilan urib, unga tan jarohat yetkazdim. Ushbu zarbalardan yotgan joyidan turolmay qoldi. Keyin qo‘limdagi pichoqni o‘zim bilan olib, xonadondan yugurib chiqdim. Uyning yo‘lakchasida dastro‘molim bilan qo‘limni qon dog‘laridan tozaladim. Pichoqni dastro‘molga o‘rab, cho‘ntagimga yashirib qo‘ydim. Ko‘chaga chiqib, men bilan birga kelib, mashinasida kutib o‘tirgan boshqa bir tanishim bilan ketdim. Mashina boshqaruvidagi tanishimga ushbu holatni bildirmadim. Uning telefonidan ukamga qo‘ng‘iroq qildim. Mashinaning musiqasini eshitib ketayotgan tanishim eshitmaydigan darajada past ovozda ukamga bo‘lib o‘tgan holatni aytib berdim. Keyin yo‘lda tushib qolib, pichoqni kanalga tashlab yubordim. Ukam va bir tanishim bilan ko‘rishdim. Ular meni avtomashinaga o‘tkazishib, ichki ishlar organlariga olib borishdi. Xodimlarga bo‘lib o‘tgan holatlarni to‘liq bayon qilib berdim. Hozirda qilgan ishidman chin ko‘ngildan pushaymonman.

“ORALARIGA SOVUQCHILIK TUSHGANINI SEZGANDIM...”

Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili – rafiqasi quyidagilarni bayon qildi...

— Turmushimizdan 2 nafar farzandimiz bor. Marhum turmush o‘rtog‘im san’atkor edi. 2021 yilning bahorida uyimizni sotib, boshqa tumandan yangi xonadon sotib oldik. Biroq u ta’mir talab bo‘lgani uchun ishlari tugaguncha ma’lum vaqt qizlik uyimda, erim esa qayinopamnikida yashadik. Erim har kuni xonadondagi kamchiliklarni ta’mirlash ishlarini olib borgan. Mudhish voqea sodir bo‘lgan kun erim tanishi qo‘ng‘iroq qilgani va bozorga borib unitaz olib kelib, o‘rnatishini aytgandi. Oradan taxminan ikki soat o‘tganidan keyin qaytib erimga qo‘ng‘iroq qilsam, javob bermadi. Soat 20:00 larda amakim qo‘ng‘iroq qilib, yangi uyda pichoqbozlik bo‘lgani, erimdan xabar olishimni aytdi. Yangi uyga borganimda, tegishli organ xodimlaridan erimni tanishi pichoqlab qo‘yganini va natijada vafot etganidan xabar topdim. Ertasi kuni erimning dafn marosimlarini o‘tkazdik. Erimning tanishi ham san’at olami vakili. Turmush o‘rtog‘im va uning munosabatlari dastlabki paytlarda yaxshi bo‘lgan. Biroq oxirgi paytlarda oralariga sovuqchilik tushganini sezgandim...

SUD HUKM QILDI...

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 96-moddasini qo‘llab, jazoni ijro etish joylarida giyohvandlikdan (nasha) hamda toksikomaniyadan (Regopen, Tropikamid va Zardeks) majburiy tarzda davolash tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishi belgilandi.

Muzaffar KUKIYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi

Kiritildi: 13:12 12.08.2022. O'qildi: 9921 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!