Ma’lum bo‘lishicha, poytaxt hokimligining Yuridik boshqarmasi yuriskonsulti chet el fuqarosiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk davlat ehtiyojlari uchun buzilgani sababli kompensasiya sifatida sud qarori bilan davlat tomonidan ajratilishi belgilab qo‘yilgan 8,8 milliard so‘mni tezlashtirib olib berish evaziga o‘zining 1979 yilda tug‘ilgan tanishi orqali mazkur pul mablag‘ining 10 foizini, ya’ni 70 ming dollar talab qilgan.
Aks holda, sud qarori yuzasidan Toshkent shahar hokimligi nomidan kassasiya shikoyati berib, ko‘chmas mulkni qayta baholash yo‘li bilan, belgilangan kompensasiya miqdorini kamaytirishi mumkinligini aytgan.
DXX hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda vositachi xorijiy fuqarodan 70 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
So‘rov suhbati davomida u bir muddat avval yuriskonsultga o‘z hisobidan 50 ming dollar berib qo‘yganini aytib, yana 15 ming dollarni yuriskonsultga olib borib berishini, qolgan 5 ming dollarni esa o‘zining vositachilik xizmati uchun olib qolishni rejalashtirganini ma’lum qilgan.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, yuriskonsult 15 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, yuriskonsult muqaddam o‘zining vositachisidan olgan 50 ming dollardan 10 ming dollarni kompensasiya mablag‘ining o‘tkazilish jarayonini tezlashtirib berishi uchun Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining bosh mutaxassisiga bergani aniqlangan.
Yuriskonsult ko‘rsatmasi asosida bosh mutaxasiss ham prosessual tartibda ushlangan. Yuriskonsult 40 ming dollarni, bosh mutaxassis 10 ming dollarni ixtiyoriy ravishda taqdim qilgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va Jinoyat kodeksining 211-moddasi 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.