Toshkentning Yunusobod tumanida birinchi jamoat yashil parki ochiladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu park bir paytlar xaroba, qarovsiz bo‘lgan hudud o‘rnida tashkil etilmoqda. Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi ushbu park hududi 2020 yilgacha tashlandiq holatda bo‘lgan. Hozirda esa 1200 dan ortiq daraxt va 23 ming tup butalar ekilib, 7,5 gektar maydonda yashil bog‘ barpo etilmoqda.
Poytaxtdagi birinchi yashil jamoatchilik parki shovqin-surondan xoli, ekologik talablarga to‘liq javob beradi. Hududda o‘ziga xos atirgul bog‘i barpo qilinmoqda, tabiiy ko‘l yaratiladi, qushlar uchun inlar quriladi. Hamma yo‘laklar toshlardan, o‘rindiqlar esa qurigan daraxtlardan, ya’ni to‘liq tabiiy materiallardan qilinadi. Shuningdek, yil davomida ketma-ket gullaydigan o‘simliklar ekiladi va bu parkning doimiy ko‘rkam qiyofa kasb etishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, jamoat parkiga kirish mutlaqo bepul va istagan kishi hordiq chiqarishi mumkin. Park hududida chiqindi tashlash qat’iy taqiqlanadi (chiqindilarni faqat parkka kirish va chiqish joyida o‘rnatilgan chiqindi qutilariga tashlash lozim), bu esa hududning ekologik toza maskanga aylanishini ta’minlaydi.
Xabarda aytilishicha, park to‘liq Yevropa, jumladan, Yaponiya tajribasi asosida barpo qilinmoqda, bu yerda faqat mahalliy iqlimga mos daraxtlar ekilmoqda.