Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda ayol avtobus ichi issiq bo‘lgani sababli ustidagi kurtkasini yechganligi, oqibatda avtobus ichidagi yo‘lovchi erkak ayolni bu ishi uchun unga tuflagani aks etgan videolar tarqalgan edi. Videoda ko‘rish mumkinki, yo‘lovchi erkak ayolning bu ishi uchun onasi bilan janjallashib, qiziga tarbiyani to‘g‘ri bermaganini, betarbiya ekanligini aytib, ayolni tanqid qilgan.
Ayol ushbu holatga quyidagicha izoh berdi.
“Men o‘sha kuni avtobusga chiqqan vaqtimda avtobus ichi issiq edi. Men futbolka ustimdan “jenfer” kiyib olgandim. Issiqlik sababli “jenfer”imni yechib turgan edim. Bekatimga yaqinlashganimda, uni qayta kiyganimda shu holat sodir bo‘ldi. Bir kishi "Nima uchun bu yerda yechinyapsan, betarbiyasan," deb haqorat qildi va yuzimga tufladi".
Biroq yo‘lovchi tuflaganini tan olmagan.
“Men keyin ko‘rib chiqdim, ular montaj qilib chiqarib yuborgan. Oxirigacha video yo‘q edi. Yo‘q, tuflamaganman. Jahl ustida gapirayotganimda chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. O‘sha yerda uzr ham so‘rab chiqdim”,- deydi yo‘lovchi erkak.
Holat yuzasidan ma’muriy ish JIB Uchtepa tuman sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Millar” dasturi xabar qildi. Yo‘lovchi erkak MJtKning 183-moddasida sodir etilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.