Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, elektr tarmog‘i korxonasi xodimlari elektromobil quvvatlagich uskunasini o‘rnatish va unga ruxsatnoma olib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilganlikda qo‘lga olindi.
Poytaxt IIBB Axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu xodimlardan biri tuman elektr ta’minoti bo‘limida bosh muhandis lavozimida, ikkinchisi esa elektr usta sifatida ishlagan.
Ular fuqaro tomonidan berilgan 10 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda, holislar ishtirokida daliliy ashyo bilan ushlandi.
Huquq-tartibot organlari eslatishicha, elektromobillar uchun quvvatlovchi uskuna o‘rnatib tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan shaxslar avvalo «Yagona darcha» orqali murojaat qilishlari lozim. Shundan so‘ng, elektr tarmoqlari korxonasi hududning texnik va infratuzilma holatini o‘rganadi, kerakli hujjatlarni tekshiradi.
Agar arizachi tomonidan ko‘rsatilgan joy belgilangan talablarga javob bersa, loyiha ishlab chiqiladi va bepul ruxsat beriladi. Faqatgina texnika va uskuna xarajatlari uchun to‘lov olinadi.