Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Toshkentda 11 nafar uyushgan jinoiy guruh a’zosiga hukm o‘qildi

Toshkentda 11 nafar uyushgan jinoiy guruh a’zosiga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining hukmiga ko‘ra 21, 22, 24, 25, 28, 29, 31, 33, 34, 35, 43 yoshdagi 11 nafar sudlanuvchiga nisbatan sud hukmi o‘qilgandi. Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida esa mazkur hukm ustidan himoyachilar va mahkumlar tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatlari sabab, jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchilarning ba’zilarini hali yoshda desang, oralarida ko‘pni ko‘rganlari, hatto sudning qora kursisiga o‘tirib ulgurganlari ham bor edi. Biroq ortga nazar tashlab, o‘tgan hayotidan xulosa chiqarmagan, o‘zi tushgan choxga boshqalarni ham sherik qilishni lozim topgan ko‘rinadi...

Sudning hukmiga ko‘ra, YO.E. JKning 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini resept bo‘yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish) 3-qismi “a,b” bandlari, 246-moddasi (kontrabanda) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

A.B., G‘.M., J.M., A.O‘., J.X.Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini resept bo‘yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish” jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

V.T. JKning 186-3-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari, 246-moddasi 1-qismi, 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

J.YU., S.N., J.E., S.X. ga JKning 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 3-qismi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Gap shundaki, YO.E. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini Toshkent shahri hududida keng ko‘lamli sotilishini ta’minlash va shu yo‘l bilan qisqa muddatlarda boylik orttirishga qaratilgan g‘arazli va boshqa past niyatlar bilan yo‘g‘rilgan jinoiy rejalarini amalga oshirish maqsadida uyushgan jinoiy guruh tashkil qilgan. U o‘zi tomonidan tashkil qilingan uyushgan jinoiy guruhning faol a’zolariga, bajariladigan jinoiy xatti-harakatlari yuzasidan vazifalarini taqsimlab, barqaror ishlashini ta’minlagan.

Jumladan, YO.E. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini O‘zbekistonga kontrabanda, ya’ni bojxona nazoratini chetlab bojxona chegarasidan o‘tkazish vazifasini uyushgan guruh a’zolari V.T. va tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan “Isroil” ismli shaxslarning zimmasiga yuklagan.

Uyushgan jinoiy guruhning faol a’zolari A.B., G‘.M., shuningdek jinoyat ishining ularga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan D.U. va F.S. ning vazifasi O‘zbekiston hududiga olib kirilgan tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini, Farg‘onadan Toshkentga olib kelinishini va dori vositalarini maxsus xufyona joylariga yashirilishini ta’minlab, uyushgan guruhning rahbari YO.E.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra dori vositalarini Toshkent shahri ichida sotish ishi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga yetkazishdan iborat bo‘lgan.

Uyushgan jinoiy guruhning a’zolari J.M., A.O‘., J.X., S.N., S.X., J.E., J.YU., shuningdek jinoyat ishining ularga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan sakkiz nafar va tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan “Ilyos” ismli shaxslar o‘zlarining qaramog‘idagi dorixonalar orqali uyushgan guruh a’zolari tomonidan olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish ishi bilan shug‘ullanib kelishgan.

Uyushgan jinoiy guruhning a’zosi V.T. oldindan kelishuvga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri hududidagi O‘zbekistonning Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan qismida, tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi “Isroil” ismli shaxs bilan uchrashadi. 10 dona qoplarga qo‘lbola usulda qadoqlangan 6076 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan “Tropikamid” dori vositalarini O‘zbekiston hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirgan.

V.T. kontrabanda yo‘li bilan davlat hududiga olib kirilgan 6076 dona “Tropikamid” dori vositalarini, shu kunning o‘zida YO.E.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra Toshkentga olib borilishini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani hududida uyushgan jinoiy guruh a’zosi A.B.ga topshirgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida A.B. o‘zining boshqaruvidagi “Mersedes-benz sprinter” rusumli transport vositasida Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan vaqtida, “Sharq” YPX maskanida to‘xtatilib, avtomashina ko‘zdan kechirilgan. Transport vositasining yukxonasidagi polietilen qoplarga solingan bodring qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ostida 9 dona ko‘kimtir rangli polietilen qoplarga joylangan. Yorlig‘ida “Tropikamid, kapli glaznie 1,0 % 10 ml, 2105271” yozuvi bo‘lgan oq rangli plastik flakonlarda hamda avtomashinaning old yo‘lovchi o‘rindig‘i ostidagi bir dona qopda ham xuddi shunday turdagi dori vositalariga o‘xshash ashyolar borligi aniqlangan.

Mazkur tezkor tadbir davom ettirilganida, Toshkent shahri “Qo‘yliq” buyum bozori oldidagi avtoturargoh hududida uyushgan jinoiy guruh a’zosi G‘.M. o‘z boshqaruvidagi “Jentra” rusumli avtomashinani boshqarib kelib, A.B.dan yuqoridagi dori vositalarini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlangan. Ulardan jami 6 076 dona yorlig‘ida “Tropikamid” dori vositalariga o‘xshash ashyolar, ashyoviy dalil sifatida olingan.

IIV EKBMning xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan 6 076 dona dori vositalari tarkibida “Tropikamid” moddasi mavjud ekanligi, “Tropikamid” moddasining umumiy miqdori 607,6 grammni tashkil etishi, ushbu modda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabr kunidagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi 818-sonli qarorining 1-ilovasida 67-tartib raqami bilan ko‘rsatib o‘tilgan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilganligi ma’lum qilingan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida oldindan kuzatuvga olingan uyushgan jinoiy guruhning a’zolari J.M. va A.O‘. o‘zaro oldindan jinoiy til biriktiradi. Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasidagi do‘kon yonida uyushgan jinoiy guruhning yana bir a’zosi J.X. bilan oldindan tuzilgan kelishuvga ko‘ra uchrashadi. J.M. o‘zini tanishi J.X.ga qo‘lida bo‘lgan paketni bergan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.

Ularning yonida bo‘lgan ashyolar ko‘zdan kechirilganida, J.X.ning qo‘lidagi paket ichida 36 dona konvalyutada yorlig‘ida “Regapen 300 mg” yozuvi bo‘lgan jami 503 dona kapsulalar borligi aniqlanib, ushbu kapsulalar hujjatlashtirib olingan.

IIV EKBMning xulosasiga ko‘ra, zavod qadog‘ida bo‘lgan 36 dona konvalyutalardagi 503 dona kapsulalarning tarkibida “Pregabalin” moddasi mavjudligi, umumiy vazni 150,9 grammni tashkil qilishi ma’lum qilingan.

Tergov harakatlarini o‘tkazish davomida Chilonzor tumanidagi xonadonda joylashgan 3 ta MCHJlarga qarashli dorixonalarda uyushgan jinoiy guruh a’zolari tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan psixofaol dori vositalari o‘tkazish maqsadida saqlab kelinayotganligi aniqlangan.

Uyushgan jinoiy guruhning a’zosi S.N. faoliyat olib borgan MCHJga qarashli dorixonada o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida “Zardeks” yozuvli 78 dona kapsulalar, 1 dona “Tropikamid” yozuvli zavod qadog‘ida bo‘lgan yelim flakondagi dori vositasi, 6 dona “Selofen Zaleplon kapsuli” yozuvli va 4 dona “iIko Regapen 300 mg Capsule Pregabalin” dori vositalari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

S.X. faoliyat olib borgan MCHJga qarashli dorixonada o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida esa “Zardeks” yozuvli jami 45 dona kapsulalar, “Tropikamid” yozuvli suyuqlik solingan bir dona flakon, “Selofen Zaleplon kapsuli” yozuvli zavod qadog‘ida bo‘lgan 5 dona konvalyuta bo‘laklaridagi jami 5 dona kapsulalar va “iIko Regapen” yozuvli zavod qadog‘ida bo‘lgan 2 dona konvalyuta bo‘laklaridagi jami 14 dona kapsulalar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Bundan tashqari, S.X. MCHJga qarashli dorixonani dorixona egasidan o‘rtalarida tuzilgan ijara shartnomasiga asosan ijaraga olib, sotuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Sotuvchilik faoliyati davomida oldiga kelgan, tergov harakatlari davrida shaxsiga aniqlik kiritishning imkoni bo‘lmagan “Orif” ismli noma’lum shaxsdan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 100 dona “Zardeks” dorisini 85 AQSh dollariga, 56 dona “Regopen” dorisini 45 AQSh dollariga va 1 dona “Tropikamid”ni 80 000 so‘mga kelgusida sotish maqsadida kirim qilmasdan sotib olgan. O‘tkazilgan tezkor-tekshiruv tadbiri davomida N.T.ga 1 dona “Tropikamid” va 56 dona “Regopen 300 mg” dorilarini jami 1 120 000 so‘mga sotgan vaqtida ushlangan va dorilar, 1 120 000 so‘m xolislar ishtirokida bayonnoma bilan rasmiylashtirib olingan. Shuningdek, tezkor-tadbir davomida dorixona ko‘zdan kechirilganda, sotish uchun mo‘ljallangan tegishli kirim va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan jami 4 dona “Selofen 10 mg” va 23 dona “Regopen 300 mg” dorilari hamda dorilar sotilishi davomida tushgan 3 480 000 so‘m pullar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilgan.

J.E. faoliyat olib borgan dorixonada o‘tkazilgan tintuv tergov harakati davomida 917 dona “Zardeks” yozuvli, zavod qadog‘ida bo‘lgan 4 dona butun konvalyutalarda jami bo‘lib, 40 dona kapsulalar, “iIko REGAPEN” yozuvli 2 dona konvalyuta bo‘laklaridagi jami 28 dona kapsulalar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

J.YU. ishlagan dorixonadan esa “Tropikamid” yozuvli jami 3 dona yelim flakonlarning ichidagi hajmi 10 ml.dan bo‘lgan rangsiz suyuqliklar, “Zardeks Gebapentin” yozuvli 2 dona butun konvalyuta va 1 dona konvalyuta bo‘lagidagi jami 28 dona kapsulalar, “iIko REGAPEN” yozuvli 1 dona konvalyuta bo‘lagidagi jami 7 dona kapsulalar va “Selofen Zaleplon kapsuli” yozuvli 5 dona konvalyuta bo‘laklaridagi jami 5 dona kapsulalar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

2019 yil 6 sentyabrdagi “Dori vositalarini noqonuniy aylanishini oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi PQ-4438-son qarorining 1-bandida, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinishi lozim va ularning chakana realizasiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizasiya qilish (berish) faoliyatiga lisenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, jinoyat ishi yuzasidan Farg‘ona viloyat Quvasoy shahri hududida V.T. to‘xtatilib shaxsiy tintuv qilinganida, uning yonidan qog‘oz bo‘lagiga qadoqlangan yashil rangli quritilgan holatdagi o‘ziga xos hidga ega bo‘lgan modda borligi aniqlangan.

Farg‘ona viloyat IIB EKBning xulosasiga ko‘ra, V.T.ning yonidan shaxsiy tintuv vaqtida aniqlangan qog‘oz bo‘lagiga qadoqlangan yashil rangli quritilgan holatdagi o‘ziga xos hidga ega bo‘lgan modda tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud ekani va “Marixuana” deb atalishi, quritilgan holatdagi marixuannaning sof vazni 2,19 grammni tashkil qilishi aniqlangan.

Toshkent shahar sudida ko‘rilgan sud majlisida himoyachilarning biri tomonidan keltirilgan apellyasiya tartibidagi shikoyatda mahkumga nisbatan birinchi boqich sudi tomonidan og‘ir jazo tayinlangani, uni yengilroq jazoga o‘zgartirish lozimligi, dorini o‘zining iste’moli uchun olgani, eng ko‘pi bilan ma’muriy jazo tayinlash mumkinligini bildirgan bo‘lsa, boshqasi mahkum dorilarni oddiy dori deb bilgani, agar bilganida umuman olmagan va tashimagan bo‘lishini ma’lum qilib, birinchi bosqich sudining hukmini bekor qilib oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

O‘z navbatida mahkumlar ham oilaviy sharoitini, oilada yagona boquvchi ekanini inobatga olishni, yoshligini inobatga olib, ularga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi.

Sudlov hay’ati ish bo‘yicha sudyaning ma’ruzasini, prokurorning shikoyatlarni qanoatlantirmasdan qoldirish haqidagi xulosasi, himoyachilar va mahkumlarning ular tomonidan keltirilgan shikoyatlarini qanoatlantirish haqidagi fikrlarini tingladi. Sudning ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining sudlanuvchilarga nisbatan chiqargan hukmi o‘zgarishsiz, keltirilgan apellyasiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Elbekjon Turgunboyev, Toshkent shahar sudi sudyasi

Kiritildi: 10:24 06.12.2022. O'qildi: 2263 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!