Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Toshkent yaqinidagi katta ariqdan har kuni ko‘pirib qon oqmoqda (+video)

Toshkent yaqinidagi katta ariqdan har kuni ko‘pirib qon oqmoqda (+video)

Toshkent yaqinidagi katta ariqdan har kuni ko‘pirib qon oqmoqda. Bu haqda "rost24.uz" yozmoqda.

Siz har kuni o‘tadigan, ekinlarni sug‘oradigan, bolalaringiz o‘ynab katta bo‘layotgan ariqdan bugun har kuni ko‘pirib qon oqib tursa, etingiz jimirlamaydimi?.. Ayniqsa, bu ariq minglab kilometr yo‘l bosib katta shahar, millonlab yashayotgan shahar aholisi tomon yo‘l olsa-chi?..

Har qalay bu holat shunchaki ko‘z yumib o‘tib ketadigan oddiy holat, emas deb o‘yladik.

Toshkent viloyati Qibray tumanining O‘ngqo‘rg‘on mahallasidagi fermer xo‘jaliklarining o‘rtasidan o‘tgan ariqdan har kuni ikki mahal qon oqadi. Toshkent shahridan 2 km. naridan o‘tgan mazkur ariqda oqadigan qonni ilk bor ko‘rgan odam xayoliga kitoblarda o‘qigani, qirg‘inbarot urushlarda “ariqlar to‘lib qon oqdi”, “qonlar ariq bo‘lib oqdi” degan so‘zlar kelaveradi.

Ariq bo‘yidagi aholi esa bu manzarani har kuni ko‘raverib deyarli ko‘nikib ham ketgan. Ular bu qonli ariq bo‘yicha 3 yil mobaynida ko‘p joyga murojaatlar qilishgan, ammo ko‘rib turganingizdek, ariqdan qon oqishda davom etmoqda.

Rost24.uz axborot sayti ijodiy jamoasi ariq yoqalab qon boshlanish nuqtasini izlab yo‘lga tushdi.

Ariq yoqalab taxminan 3-4 kilometrlar yurgandan so‘ng qon quyiladigan yashirin quvur topildi.

Bu quvur taxminan 300 metr uzoqlikdagi qushxonadan o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Olxo‘ri daraxtlari ekilgan fermer xo‘jaligining taxminan 2 metr tagidan yashirincha o‘tkazilgan maxsus quvurdan ariqqa quyilar ekan.

Mazkur qushxona esa “OBOD SAVDO BIZNES” MCHJga qarashli mol bozorining ichida joylashgan. Ushbu bozordan xarid qilingan va boshqa joydan olib kelingan mollar shu yerning o‘zida so‘yilib qoni va axlati yer tagidan o‘tgan quvur orqali ariqqa oqizib yuborilar ekan. Mana sizga tadbirkorlik.

Har kun 2, 3 mahal qon oqadigan ushbu ariq Qibray tumanidan o‘tuvchi “Qoraqamish” kanaliga qo‘shiladi. Bu kanal esa Toshkent shahrining “Qoraqamish” massividan o‘tib Olmazor tumanining markazidagi suzish havzasiga quyilar ekan. Ushbu havzaga so‘yilgan mollarning qon va axlati yetib kelguncha ko‘rinishini yo‘qotishi mumkindir, ammo tarkibi yo‘qolmaydi. Yoz kunlari aholi cho‘miladigan suvga qo‘shilishini va oqibatini hech qanday izoh bilan oqlab ham bo‘lmaydi.

Mazkur muammoga nafaqat Qibray tuman mutasaddilari,balki Ekologiya qo‘mitasi, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi kabi bir qancha mutasaddi tashkilotlar e’tibor qilishi lozim.

Toshkent viloyati Qibray tumanining O‘ngqo‘rg‘on mahallasidan boshlanadigan qonli suvlar poytaxtimizning o‘rtasidan o‘nlab kilometr masofa bosib millionlab aholi yashaydigan manzillardan o‘tib ketadi. Hattoki yosh bolalar cho‘miladigan havzalarga ham bir kirib o‘tishi yuqoridagi amaldorlarimiz jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jiddiy mavzu.

"Mavjud muammoni xalqqa va mutasaddilarga oshkor qildik. Umid qilamizki, mazkur mavzuga boshqa qaytmaymiz", deya yozadi manba.

Kiritildi: 18:21 05.03.2021. O'qildi: 10679 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!