Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari yo‘lovchilardan birini kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qoldi. Ushbu shaxsga tegishli sumka belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 200 dona “Neurica NT” nomli dori borligi aniqlandi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan ekspertizaga ko‘ra, mazkur dori vositalarining tarkibida “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi ma’lum bo‘ldi. Amaldagi tartibga ko‘ra, “pregabalin” muomalasi cheklangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan aniqlangan 30 ta kontrabanda va bojxona qonun buzilishi holatlarida 19,7 kg kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.