Toshkent viloyatida bojxonachilar salkam 95 kilogramm gashish giyohvandlik vositasini noqonuniy muomaladan oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qibray tumanidagi dala maydonidagi daraxtlar orasiga 4 dona xo‘jalik qopi yashirib ketilgani aniqlangan. Qoplar ichida 109 dona o‘ram bo‘lib, o‘ramlardagi modda Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, salkam 95 kilogramm gashish giyohvandlik vositasi ekani tasdiqlandi.
Giyohvandlik vositalarini olib ketishga keladigan shaxslarni aniqlash maqsadida ushbu hudud bir necha kun davomida uzluksiz kuzatuv ostiga olindi. Oradan 8 kun o‘tib, narkotik moddalarni olib ketish uchun kelgan ikki nafar fuqaro ham tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi. Tergov harakatlari davomida esa bu moddalarni yashirib ketilgan joydan olib ketish haqida topshiriq bergan shaxs ham aniqlanib, ushlandi. U muqaddam benzin kontrabandasi bilan shug‘ullangani bois jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 95 kilo gashish salkam 700 mingta doza degani. Ya’ni bu miqdordagi giyohvandlik vositasi qora bozorga chiqarilganida, yuz minglab insonlar hayoti va taqdiriga jiddiy xavf solishi mumkin edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur giyohvandlik vositalarining qora bozordagi qiymati oxirgi iste’molchiga yetib borguniga qadar 10 million AQSh dollaridan oshishi mumkin edi.