Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) razvedkasi AQSh Markaziy qo‘mondonligiga (CENTCOM) talafot yetkazganini va uni chekinishga majbur qilganini da’vo qilmoqda.
IIQK xabariga ko‘ra, Eron harbiylari AQSh qo‘shinlarining Iordaniyaga joylashtirilishi ham yechim emasligini ta’kidladilar, chunki bu mamlakatdagi bazalar bir necha bor o‘qqa tutilgan.
"Eron qurolli kuchlarining harakatlari jang maydonidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirdi. Bazalar, uchish-qo‘nish yo‘laklari, angarlar, samolyotlar va quruqlikdagi va suvdagi barcha narsalar, jumladan, Amerika kemalari doimiy va shafqasiz hujumlarga uchradi", deyiladi IIQK bayonotida.
Eronning "ikki stvolli strategiyasi" AQShning kuch va texnikani ko‘paytirish mantig‘iga zid kelgani ta’kidlanmoqda.
"AQSh dengiz flotiga qilingan hujumlar, Iordaniyadagi yo‘qotishlar, vayronkor javob zarbalaridan keyin kemalarning yo‘q qilinishi, uchuvchisiz uchish apparatlarining zaifligi, yo‘q qilinishi va sovrin sifatida qo‘lga olinishi hamda Eronning mavjud nishonlarining ko‘payishi AQShni tarqalib ketishga, yashirinishga va "minimal jang"ga kirishga undadi", deyiladi bayonotda.