Namangan viloyatida bolaga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli tasdiqlanmagan xabarlar tarqalishi kuzatilmoqda.
📌Avval xabar berganimizdek, bolaga qarshi mazkur jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12.09.2026-yilda JKning 118-moddasi 4-qismi, 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun: Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish (118-modda 4-qism) jinoyatini sodir etish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Bunday toifa jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo o‘tash bilan bog‘liq hech bir yengillik qo‘llanilmaydi.
✔️Shu kuning o‘zida, 12.09.2026-yilda jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan shaxs K.M prosessual tartibda ushlangan bo‘lib, unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
✍️Bugungi kunda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Hududning «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan darhol voyaga yetmagan jabrlanuvchiga zaruriy psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy ko‘mak choralari ko‘rsatilgan, hozirda bolaga va uning oilasiga ko‘mak ko‘rsatish jarayoni davom etyapti.
Bolalar ombudsmani mazkur ish yurituvida jabrlanuvchi-bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini olib bormoqda.
❗️Mazkur jinoyat ishi voyaga yetmagan shaxsga hamda uning sha’ni va qadr-qimmatiga oid ekanligi bois, bu holat haqida har qanday tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatish bolaning manfaatiga zid bo‘lib, uning huquqlariga putur yetkazadi. OAVlarda va ijtimoiy tarmoqlarda shunday mazmundagi xabarlarni yoritishda bola manfaatlariga rioya etishga va mutasaddi tashkilotlar tomonidan rasman e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanishga chaqiriladi.