Ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkent viloyatida (O‘rtasaroyda) »Dok-1 Maks« dori vositasini iste’mol qilgan 2 yoshli bola vafot etdi», degan mazmundagi yolg‘on xabar tarqaldi.
Ushbu xabar yuzasidan Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi:
Hozirgi kungacha Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga «DOK-1 MAKS siropi» iste’moli natijasida zaharlanish belgilari bilan 9 nafar bola olib kelingan. Ulardan 5 nafari sog‘ayib, uyiga qaytarildi, 4 nafarining ahvoli esa barqaror holatda, ularga tegishli standartlar asosida muolajalar davom ettirilmoqda.
Shuni qayd etish kerakki, Toshkent viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalarida shu paytgacha «DOK-1 MAKS» preparatidan zaharlanish tufayli o‘lim holati kuzatilmagan.