Toshkent viloyatida filial komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan reydlar davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi .
Xususan, Bo‘stonliq tumanidagi “Xo‘jakent” MFYda joylashgan “K. G.” nomli dala hovlida loyiha-texnika hujjatlarisiz tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 3 milliard 43 million so‘mlik zarar aniqlandi.
Yana bir noqonuniy holat Ohangaron tumanidagi “Ilg‘or” MFYda joylashgan, fuqaro X. SH. ga qarashli uyda tabiiy gazdan foydalanish holati o‘rganilganda, iste’molchi loyiha-texnika hujjatlarisiz tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, tijorat maqsadida novvoyxona tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, 395 million 900 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Yuqoridagi noqonuniy holatlarga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.