Janubiy Koreya — tibbiyot sohasida dunyoning peshqadam davlatlaridan biri. Bu, avvalo, mamlakatda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida yo‘lga qo‘yilgan innovasion o‘quv metodikalari bilan bog‘liq.
Shu bois mamlakatimizda Koreya ta’lim standartlari asosida shifokor va hamshiralar yetishtirish, qo‘shma dasturlarga muvofiq mutaxassislar malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borishga katta qiziqish bildirilyapti.
Xususan, Kyungwoon universiteti Janubiy Koreyaning Kyonsan-Pukto provinsiyasi Gumi shahrida joylashgan eng navqiron va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
1997 yilda tashkil etilgan ushbu nodavlat o‘quv yurtida 4500 dan ziyod talaba tahsil oladi. Bu yerdagi 6 fakultetdan biri tibbiyot va sog‘liqni saqlash yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan.
E’tiborli jihati, ushbu universitet bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan “ASEAN-Koreya rektorlari forumi” doirasida Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonovga Kyungwoon universiteti “Faxriy professori” unvoni berildi.