Toshkent shahridagi "Yunusobod" bozori to‘liq qayta quriladi. Aytishlaricha, bozor hududi deyarli 5 barobar kengayadi va bir necha hududlardan iborat zamonaviy savdo, biznes va dam olish markaziga aylanadi.
Turk-singapur loyihachilar jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyiha bilan yaqinda davlat rahbari ham shaxsan tanishgan edi.
Qayd etilishicha, qayta qurish jarayonida 350ga yaqin tadbirkor mehnat qilayotgan bozor faoliyatini saqlab qolish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi tez kunda tadbirkorlar bilan maxsus uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Unda ularga yangi shart-sharoitlar tushuntiriladi va ularning istaklari tinglanadi.