Toshkent shahrida O‘zbekiston tabiatiga xos bo‘lmagan toshbaqa turi aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qizilquloq botqoq toshbaqasi deya ataladigan bu tur 30 ga yaqin mamlakatda qayd etilgan bo‘lib, shu vaqtgacha respublikamiz hududida faqat uy sharoitida uchragan.
Biroq 2019 yilning kuzida baliqchilar tomonidan Bo‘rijar kanalida Qizilquloq botqoq toshbaqasining 4 ta individi uchrashi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu hududda olib borilgan bir necha tadqiqotlar natijasida 2020 yilda qishlagan individ topilgan.
"Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning iqlim xususiyatlaridan kelib chiqqan holda Qizilquloq botqoq toshbaqasi mamlakatimiz suv havzalarida oson qishlashi, ko‘payishi va keng tarqalishi mumkin", deyiladi xabarda.