O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Koreya milliy temir yo‘l idorasi bosh direktori Li Son Xe boshchiligidagi delegasiya bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘ZA xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, tomonlar sohaga oid zamonaviy texnologiyalar va temir yo‘l tizimini modernizasiya qilish uchun innovasion hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini muhokama qilgan.
Respublikamizda qurilishi rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalishlarda tez yurar poyezdlar harakati xavfsizligini oshirishga xizmat qiluvchi zamonaviy signalizasiya, geolokasiya va harakatni boshqarish tizimi hamda Koreya navigasiya yechimini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Li Son Xe “Toshkent – Samarqand” alohida tez yurar yo‘nalishi loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash jarayoni haqida ham ma’lumot berdi.
Tayyorgarlik ishlari “Korea Eximbank” granti ko‘magida “Saman Engineering”, “Dong Myeong Engineering Consultants & Architecture Co., Ltd”, “Korea Railroad Corporation” va “Korea National Railway” kompaniyalari konsorsiumi tomonidan birgalikda olib borilishi ma’qullandi.